Davlat fuqarolik xizmatchilari odob-axloqining namunaviy qoidalari tasdiqlandi

Vazirlar Mahkamasi tegishli qarori bilan davlat fuqarolik xizmatchilari namunaviy qoidalari hamda odob-axloq komissiyasi to‘g‘risidagi namunaviy nizom tasdiqlandi. Nizom bilan kasbiy faoliyatga oid, xizmat faoliyatiga oid hamda xizmatdan tashqari odob-axloq qoidalari tartibga solinadi.

Bulung‘ur tumani hokimligida o‘tkazilgan navbatdagi siyosiy ma’rifat soatida hokimlik apparati xodimlari tuman adliya bo‘limi bosh mutaxassisi Baxtiyor Qaxxorov tomonidan mazkur nizomning mazmun-mohiyati bilan tanishtirildi.

Namunaviy qoidalarga muvofiq, davlat fuqarolik xizmatchilari mehnat faoliyati davomida va ishdan tashqari vaqtda davlat xizmatining obro‘siga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan xatti-harakatlardan tiyilishi, mas’uliyat, kasbiga sadoqat va halollikni kundalik shiorga aylantirishi, murakkab vazifalarni bajarishda hamkasblariga ko‘maklashish va boshqa bir qator normalar belgilangan.

Xizmat mashinasidan shaxsiy maqsadlarda foydalanmasligi, o‘zining shaxsiy mashinasidan foydalanganda esa tartib-taomillarga amal qilib haydashi, yo‘l qoidalariga qat’iy rioya qilishi zarur.

Davlat xizmatchilari etikasini buzgan xodimlar intizomiy jazoga tortilishi hamda ogohlantirilishi, rasmiy uzrnoma keltirishi, tanbeh berilishi mumkin.

Ma’lumot uchun, davlat organlari, Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari va boshqa tashkilotlar joriy yil 25-oktabr sanasiga qadar o‘z faoliyati xususiyatlarini hisobga olgan holda odob-axloq qoidalarini tasdiqlashlari ko‘zda tutilgan.

2015-2024 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM