Bulung‘urda hafta aholining muammolarini o‘rganish, murojaatlarini tinglash bilan boshlandi

Bugun yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning “Inson – jamiyat – davlat” tamoyili asosida amalga oshirilayotganligi inson qadri ulug‘ligining yorqin namunasidir. Shu o‘rinda aholining ertani kutib emas, bugunidan rozi bo‘lib yashashlariga erishish muhim sanaladi.

Xabar berilganidek, Bulung‘ur tumanida hafta avvali fuqarolar murojaatlarini tinglash bilan boshlandi. Tumandagi xalq qabulxonasida kunning birinchi qismida tuman hokimi Samandar Astonov rahbarligida o‘tkazilgan murojaatlar qabuli davomida 3-sektor rahbari A.Otamurodov, 4-sektor rahbari Sh.Eshmurodov, hokim o‘rinbosari – oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘lim boshlig‘i N.Mamadiyarova, mahalla va nuronyilarni qo‘llab-quvvatlash bo‘lim boshlig‘i A.Shodmonovlar ham ishtirok etishdi.

Qabul davomida mutasaddilar jismoniy va yuridik shaxslarning murojaat hamda takliflarini tinglashib, har bir murojaat shu yerning o‘zida manfaatdor va ijrochi tomonlar ishtirokida muhokama qilindi, natijada murojaatlarning yechimi yuzasidan aniq vazifalar belgilab olindi.

E’tibor qaratish lozimki, qabul davomida uy-joy va kommunal sohadagi murojaatlarning nisbatan ko‘pligi mazkur yo‘nalishlarda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar ko‘lamidan darak beradi. Xususan, ayrim murojaatlarga fuqarolarning qonunchilikdagi o‘zgarishlardan yetarli darajada xabardor bo‘lmaganliklari ham sabab bo‘lmoqda va joylarda huquqiy madaniyatini shakllantirish, qonunlarga tayangan adolatli jamiyat prinsiplarini keng targ‘ib qilish lozimligini anglatadi.

Qabul yakuniga ko‘ra jami 36 ta murojaatlar ro‘yxatga olinib, ijroga qaratildi. Mazkur murojaatlarning har biriga ko‘lamiga ko‘ra aniq muddatlar belgilangan bo‘lib, ularning ijrosi yuzasidan hafta so‘ngi bilan tuman hokimiga axborot kiritiladi.

2015-2024 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM