Qoraqalpog'istonlik ijodkorlar Bulung‘urda bo‘ldi

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev tashabbusiga ko‘ra, respublikamizning barcha hududlarida "Qoraqalpoq adabiyoti va san’ati" haftaligi munosabati bilan ijodiy uchrashuvlar tashkil etilib kelinmoqda. Loyiha doirasida viloyatimizga tashrif buyurgan qardosh el ijodkorlaridan Qoraqalpog'iston Yozuvchilar uyushmasi mas’ul kotibi Beknazar Ernazarov, taniqli qoraqalpoq shoirlari Abulqosim O‘tepbergenov va Yoqubboy Ajimovlar Bulung‘ur tumanida bo‘lishdi.

 

Tumandagi 9-son bolalar musiqa va san’at maktabida boshlagan adabiy uchrashuv Sohibkor mahallasidagi 20-son bolalar musiqa va san’at maktabiga ham ko‘chdi. Uchrashuvlarda tumanimizdagi ustoz ijodkorlar, yosh qalamkashlar, madaniyat va san’at vakillari, umumta’lim maktablaridagi ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchilar ishtirok etishdi.

Har ikkala hududagi ijodiy uchrashuvlar ko‘tarinki ruhda o‘tdi, esda qolarli taassurotlarga boy bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Xususan. dastlab qoraqalpoq elining ko‘zga ko‘ringan ijodkorlari ijod haqida so‘z yuritishar ekan, ikki qardosh xalqlarning azaliy do‘stlik va birodarlik rishtalari o‘zaro ijodiy muhit bilan yanada mustahkamlanishini ta’kidlashdi. Ijodkorlar o‘zbek va qoraqalpoq ellarining ijodiy asarlaridan parchalar, na’munalar o‘qishar ekan, bulung‘urlik ijodkorlarni bevosita o‘zlarining ijod na’munalari bilan ham tanishtirdilar. E’tiborlisi, har ikkala millat vakillari o‘z ona tilida so‘zlagan bo‘lsalarda, bir-birini hech qanday qiyinchiliksiz, osongina tushunishdi.

Davra suhbati bulung‘urlik ijodkorlarning ham adabiy ijod borasidagi fikr-mulohazalari bilan davom etdi. Ustoz va yosh ijodkorlar o‘z ijod na’munalaridan parchalar o‘qib berishdi. Yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga qoraqalpoq ijodkorlaridan javoblar olishdi. Ikki el ijodkorlari o‘z ijod na’munalarini o‘zaro sovg‘a tariqasida alishdilar. Xususan, mehmonlarga bulung‘urlik ijodkorlar bayozi bo‘lmish “Vatan ichra vatan” kitobi sovg‘a qilindi. Ijodiy uchrashuvlar davomida bulung‘urlik mashxur baxshi Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li davomchilaridan Sherqo‘zi baxshining sho‘x termalari, dutorchi qizlar ansambili, “Chavqi” folklor etnografik xalq ansambili qoshida tashkil etilgan “Chavqi nihollari” bolalar ansambili, tumandagi 27-maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchilari tomonidan tayyorlangan qoraqalpoq va o‘zbek xalq milliy udumlarini o‘zida mujassam etgan sahnalashtirilgan badiiy chiqishlar barchaga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.

Tadbir so‘ngida mehmonlar Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li tavalludining 150 yillik yubileyi oldidan tumanning Sohibkor mahallasida olib borilayotgan qurilish bunyodkorlik ishlari hamda baxshi xotirasiga tashkil etilgan uy-muzeyi eksponatlari bilan yaqindan tanishtirildi.

 

Qardosh xalq ijodkorlari tumanimizdan o‘zgacha bir taassurotlar bilan qaytishdi.

2015-2024 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM