“Buyuk ipak yo‘li madaniyati, mifologiyasi va arxitekturasi” nomli yangi ilmiy tadqiqot ShHT Samarqand sammitiga bag‘ishlandi

Samarqand davlat universiteti professorlari, taniqli olimlar - Rustam Xolmurodov hamda Erkin Musurmonov 2022 yilda Shanxay Hamkorlik Tashkilotining Samarqand sammiti munosabati bilan ajoyib tadqiqot ishiga qo‘l urishdi. Olimlarning tadqiqotlari natijasida sohada o‘rganilmagan ilmiy yangilik sifatida “Buyuk ipak yo‘li madaniyati, mifologiyasi va arxitekturasi” (Xitoy) monografiyasi nashrdan chiqdi.

Barchamizga ma’lumki, Buyuk ipak yo‘lida joylashgan davlatlar  -O‘zbekiston, Rossiya, Xitoy, Qozog‘iston, Tojikiston hamda Qirg‘iz respublikasi  rahbarlari tashabbusi bilan Shanxay hamkorlik tashkiloti tashkil etilgandi. Uning maqsad va vazifalari shu mintaqada yashaydigan halqlar o‘rtasida ma’naviy-ma’rifiy muloqotni kuchaytirish, savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, hamkorlikda terrorizm va giyohvandlikka qarshi kurashishdan iboratdir.

Qadimiy tamadduni, yirik shaharlari va me’moriy yodgorliklari bor bo‘lgan mamlakatlar Buyuk ipak yo‘lining yaralishida muhim o‘rin tutgan, uning harakat xaritasini belgilab bergan. Bu hududlardagi binokorlik o‘zicha, stixiyali tarzda emas, balki ma’lum xalqlarning muayyan badiiy, madaniy-falsafiy qarashlari zamirida maydonga kelgan, har bir obida xalqning dunyoqarashi va mentalitetini moddiy tarzda aks ettirgan. Mazkur tadqiqotda ilk marta ulkan yo‘lning boshida turgan Xitoy madaniyati, miflari va falsafasining binokorlik madaniyatiga ko‘rsatgan ta’sirini o‘rganishga e’tibor qaratilgan.

Buyuk ipak yo‘lida joylashgan Xitoy, Markaziy Osiyo, Rossiya, Kavkazorti va Yevropaning savdo yo‘llari bilan tutash hududlaridagi xalqlarning badiiy-falsafiy dunyoqarashi va uning binokorlikka ta’siri masalasiga bag‘ishlangan ilk tadqiqot ajab emaski, yaqin kelajakda Yevropa universitetlaridagi kabi insoniyat falsafasi, badiiy qarashlari va binokorligining umumiy qonuniyatlarini o‘rganuvchi yangi sohaga asos soladi.

Monografiya mualliflarining fikrlariga asoslansak, muayyan xalqlar o‘rtasidagi sinkretik munosabatlar, falsafiy-madaniy meros ta’sirida maydonga kelgan arxitektura va binokorlik sohasida ham aks etgan.

Tadqiqotning umumiy g‘oyasiga ko‘ra, qayerda ilmu-madaniyat rivojlangan bo‘lsa, o‘sha yerda me’morchilik ham taraqqiy qilgan, tamaddunlar kurtak otgan. Kitobda bu masala ko‘hna Xitoy madaniyati va mifologiyasi misolida yoritilgan bo‘lib, mavzuga bu tarzda yondashish arxitektura sohasidagi tarixiy binokorlik bilan bog‘liq ko‘plab muammolarga oydinlik kiritadi. Zero, har qanday o‘tmish me’moriy obidasining zaminida,albatta, uni yaratgan elning dunyoqarashi aks etgan: Xitoy binokorligidagi qayrilgan tomlar va ajdarho qiyofalarida yoki Samarqand madrasalaridagi ko‘k gumbazlar, Bahodir Yalangto‘sh qurdirgan madrasadagi yo‘lbarslar va kiyiklar tasvirlarida ham, albatta, ma’lum bir ramziyliklar bor. Milliy arxitekturadagi bunday o‘ziga xosliklarni o‘rganish ma’naviy qadriyat va tushunchalarning binolar ko‘rinishida moddiylashish jarayoni taraqqiyotini ko‘rsatib beradi.

Nafaqat O‘zbekistonda, balki Markaziy Osiyoda ham ma’lum xalqlarning madaniyati, mifologiyasi va arxitekturasi monografik tadqiqot ko‘rinishida o‘rganilmagan. Shu nuqtai nazardan ushbu kitobning Buyuk ipak yo‘lidagi xalqlar madaniy merosini o‘rganishda nodir manba sifatida e’tirof etish joiz.

Buyuk ipak yo‘li kimsasiz sahrodan, shahar infrastrukturasi shakllanmagan, karvonsaroy va bozorlari yo‘q hududdan o‘tmagan. Chunki bu narsa nafaqat moddiy tovarlarning, balki olis masofalarni bosib kelayotgan karvonlardagi yo‘lovchilarning havfsizligini ta’minlashda ham muhim o‘rin tutgan. Shuning uchun Buyuk ipak yo‘li  o‘tgan hududlar xaritasini belgilashda, albatta, xalqlarning madaniyati va shaxarsozligi taraqqiy etganligiga e’tibor qaratish o‘rinli.

Tadqiqotda Buyuk ipak yo‘lining boshida turgan. Xitoy xalqining madaniy tarixi, Konfutsiy, Laotszi kabi faylasuflarning qarashlari, mifologik tushunchalar, ularning zamirida vujudga kelgan o‘ziga xos binokorlik san’ati haqida so‘z boradi. E’tiborga molik jihatlaridan biri shundaki, xitoy madaniyati va arxitekturasining shakllanishida Chin yurtiga borgan allomalarimizning ham xizmatlari bor ekanligi o‘z isbotini topgan.

Ijtimoiy-gumanitar fanlarni o‘rganish va o‘qitishda muhim manba bo‘lib xizmat qiladigan mazkur kitob mavzusi davomli bo‘lib, unda Buyuk ipak yo‘lida muhim o‘rin tutgan Dovon (Farg‘ona), Samarqand, Buxoro, Termiz kabi qadimiy shaharlarimizning boy madaniyati, mifologiyasi va arxitekturasidagi mushtaraklik haqida ham ma’lumot beruvchi navbatdagi manba maydonga keladi, deb umid qilamiz.

Shu o‘rinda ta’kidlash joiz, keyingi yillarda Samarqand davlat universiteti bir necha xorijiy oliy ta’lim muassasalari va ilmiy markazlar bilan hamkorlik o‘rnatdi. Universitetning filiallari faoliyat boshladi. Ana shunday evrilishlar jarayonida universitetda “Buyuk Ipak yo‘li xalqlari madaniy va adabiy merosi” ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etildi. Bu markazda qisqa fursatlarda e’tirofga loyiq ishlar amalga oshirilganini ta’kidlash mumkin.

Ilmiy markazda Xitoy Konfutsiy instituti granti asosida filologiya fanlari doktori E. Musurmonov muallifligida “Buyuk ipak yo‘lida qadimgi o‘zbek-xitoy adabiy aloqalari” (xitoy tilida) monografiyasi va markazning “Buyuk ipak yo‘li xalqlari madaniy va adabiy merosi” nomli granti asosida mazkur monografiya nashr etildi.

Buyuk Ipak yo‘lining aynan O‘zbekiston hududidan o‘tganligini ilmiy asosda madaniy, adabiy va arxitektura yodgorliklari yordamida isbotlash va uni o‘quv jarayoniga tatbiq qilish maqsadida SamDU magistrantlari uchun maxsus “Buyuk ipak yo‘li madaniyati, mifologiyasi va arxitekturasi” ixtisoslik fani dasturi ishlab chiqildi va bu fan magistrlarning 2021-2022 o‘quv yili uchun o‘quv rejasiga kiritilib o‘qitildi. Ayni paytda universitetning ijtimoiy gumanitar yo‘nalishlarida tahsil olayotgan bakalavrlarga ham mazkur fan o‘qitilishi ko‘zda tutilgan.

Xalqimizda to‘yga to‘yona bilan borish udumi mavjud. Taniqli olimlar R.Xolmuradov va E.Musurmonovlarning ushbu kitobi Samarqandda o‘tayotgan ShXT sammitiga ajoyib to‘yona bo‘ldi. Kitobning Shanxay hamkorlik tashkiloti Samarqand Sammiti arafasida nashr etilganligining o‘ziga xos ramziy ma’nosi bor. Bu kitob bir g‘oya atrofida birlashgan davlatlarni nafaqat bugungi kunning dolzarb masalalariga, balki umumiy tarix, madaniy merosni o‘rganishda va nurli kelajak qurilishida ham yakdil bo‘lishga e’tiborni qaratadi.

2015-2022 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM