Kaptarxona mahallasi ahli xayrli tashabbuslardan mamnun

Bugun har bir mahallada mahalla raisi, tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, profilaktika noziri hamda yoshlar yetakchisidan iborat tarkibdagi mas’ullar faoliyat olib bormoqda. Mahallaning tinch-totuvligi, har jihatdan ravnaq topishi yuqoridagi beshlikning hamjihatligi hamda tashabbuskorligiga ham bog‘liq. So‘zimizni Bulung‘ur tumani Kaptarxona mahallasi misolida davom ettiramiz...

Mahallaning ma’muriy binosi 1968-yilda qurilgan bo‘lib, ta’mirtalab ahvolda edi. Qolaversa, bino yonidan qurilgan bir necha xonadan uzoq yillardan buyon foydalanilmasdan kelinayotgan, qarovsiz qoldirilgan edi. Mahalla mas’ullari va faollarining sa’yi-harakatlari natijasida bino qaytadan ta’mirdan chiqarildi. Mahalladagi hokim yordamchisi Zafar Xudoyberdiyevning tashabbusi bilan qarovsiz qoldirilgan xonalar ham ta’mirlanib, sartaroshxona hamda xotin-qizlarni kasb-hunarga o‘rgatish va bandligini ta’minlash markaziga aylantirildi. Markaz 2 xonadan iborat bo‘lib, birinchi xonada tikuvchilik sirlari o‘rgatiladi. Ikkinchi xonada esa, nazariy bilimlar amaliy ko‘nikmalar bilan yanada mustahkamlanadi. Tikuvchilik markaziga rahbarlik qilayotgan mahalla fuqarosi Murzayeva Tamara 15 yil muhojirlikning nonini yeganlardan. Bugun u yaratilgan sharoitlardan mamnun. O‘z rejalarini mahalladoshlari bilan birgalikda amalga oshirmoqda.

Mahalla markazining ochilish tadbirida tuman hokimi Samandar Astonov, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishib, bu yerda mahalla xodimlari va tadbirkorlik uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdilar. Tuman hokimi bilan suhbat davomida Tamara Murzayeva bugun 15 turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish borasida aniq rejalari borligini, bir vaqtning o‘zida mahalliy bozor talablariga mos bo‘lgan, shuningdek, xorijlik sayyohlarda ham qiziqish uyg‘otishi mumkin bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarish faoliyatini yo‘lga qo‘yishini bildirdi.

- Bugun yurtimizda barcha imkoniyatlar eshigi ochiq. Siz-u bizdan faqatgina harakat talab etiladi. Intilgan odam albatta maqsadiga erishadi. Mana shunday xayrli tashabbuslarni ilgari surgan mahallamiz mas’ullarining yonida turib, maallamiz obodligi, jamiyatmiz rivojiga hammamiz o‘z hissamizni qo‘shishimiz kerak, deya ta’kidladi tadbir davomida so‘zga chiqqan mahalla oqsoqollaridan Berdimurodov Sulton hoji.

Bir so‘z bilan aytganda xalq birdamligi evaziga yo‘lga qo‘yilgan xayrli tashabbuslardan mahalla ahli mamnun.

 

2015-2022 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM