O‘z kelajagimizga xiyonat qilmaylik...

Joriy yil 9-avgust kuni o‘tkazilgan muhokama yig‘ilishida viloyat hokimligi ishchi guruhi tomonidan Maktabgacha ta’lim boshqarmasi va hududiy bo‘limlarida ijro intizomi va hujjatlar bilan ishlash holati yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganish natijalari tahlil qilinganligi to‘g‘risida ma’lumot bergan edik.

 

O‘rganish davomida Bulung‘ur tumanidagi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida aniqlangan kamchiliklar bugun tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi apparati hamda tumandagi barcha davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktorlari, shuningdek kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan mas’ul xodimlari ishtirokida muhokama qilindi. Tuman hokimi Samandar Astonov hamda viloyat hokimligi Ijro-nazorati bo‘limi boshlig‘i Zafar Raximov ishtirokida o‘tkazilgan muhokama jarayonida aniqlangan kamchiliklar birma-bir o‘qib eshittirildi. Har bir holat yuzasidan tashkilot direktori va mas’ul xodimidan izoh so‘raldi. Yuqorida o‘qib eshittirilgan kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan mas’ullar hatti-harakati yoki harakatsizligiga nisbatan qonunchilikda belgilangan normalar asosida ta’sir choralari ko‘rilishi ta’minlanishi bildirildi.

Jarayon davomida “Bolaning begonasi bo‘lmaydi. Har bir bolaga o‘z farzandimiz kabi munosabatda bo‘lishimiz lozim. Axir bugungi shu yosh avlod yurtimizning ertangi kelajagi-ku! Qaysi vijdon bilan o‘z kelajagimizga xiyonat qilishimiz mumkin?!”, deya haqli savol berdi tuman hokimi Samandar Astonov.

 

Muhokama so‘ngida mazkur holatdan boshqa tashkilotlar ham xulosa chiqarishi, kamchiliklarini o‘z vaqtida bartaraf etishlari lozimligi ta’kidlandi. Shuningdek, mazkur soha doimiy nazoratda bo‘lishi, kelgusida ham rejali asosda o‘rganish ishlari davom etishi ma’lum qilindi.

2015-2022 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM