Bulung‘urliklarga Bulung‘urda suratga olingan film namoyish qilindi

Joriy yil fevral oyida kinorejissyor Ibrohim Rasulov tomonidan "Muhabbat bahori" nomli filmning bir qismi Bulung‘ur tumanida suratga olinayotganligi to‘g‘risida xabar bergan edik.

 

Tumanda o‘tkazilayotgan san’at va madaniyat haftaligi davomida mazkur filmning namoyishi bo‘lib o‘tdi. Film Hamid Olimjon hamda Zulfiyaxonim hayotiga bag‘ishlangan bo‘lib, tumandagi “Samarqand” bazmgohida o‘tkazilgan namoyish haqiqiy kino kechasiga aylanib ketdi, deyish mumkin. Sababi film namoyishida uning ijodkorlari ham ishtirok etishib, film g‘oyasining yaralishidan to tayyor film holiga kelguniga qadar bo‘lgan jarayonlar, suratga olish davomidagi murakkabliklardan tortib, sodir bo‘lgan esda qolarli, qiziqarli voqealargacha bo‘lgan taasurotlarini bulung‘urlik kino ixlosmandlari bilan bo‘lishdilar.

 

Kino san’ati ustalari bilan kechgan samimiy muloqot davomida yurtdoshlarimiz film haqida o‘z fikr-mulohazarini bildirishdi, savollariga javoblar oldilar. Boy madaniy tariximizning bir parchasini o‘zida mujassam etgan va uni boricha ochib bergan film tomoshabinlarda katta taasurot qoldirdi. Bu kabi kuchli g‘oya va ma’naviy ozuqaga ega filmlarni ko‘proq tasvirga olish o‘sib kelayotgan yosh avlodning boy madaniy merosimizdan xabardorligini oshirishi va milliy o‘zlikni anglashga xizmat qilishi ta’kidlandi.

2015-2024 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM