Bulung‘ur tumani hokimligi va Samarqand davlat chet tillari instituti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi

 

Joriy yilning 4-mart kuni Prezidentimiz rahbarligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Bulung‘ur tumani hokimi Samandar Astonov Samarqand viloyatidagi oliy ta’lim muassasalarida bo‘lmoqda. Jumladan, hamkorlik maqsadidagi navbatdagi manzil Samarqand davlat chet tillar instituti bo‘ldi.

 

Tashrif davomida dastlab tuman hokimi Samandar Astonov hamda institut rektori Ilhomjon To‘xtasinov o‘rtasida tor doiradagi uchrashuv o‘tkazildi. Unda tomonlar o‘rtasida o‘zaro mustahkam hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Ikki rahbar tomonidan tomonlarning bu boradagi maqsad, vazifa hamda majburiyatlarini o‘z ichiga olgan hamkorlik memorandumi imzolandi. Mazkur ilk amaliy qadam kelgusida ham izchil davom ettirilishi hamda kelgusida amaliy natijalarini ko‘rsatishi e’tirof etildi.

Shundan so‘ng, institut faollar zalida bulung‘urlik 58 nafar bitiruvchi kurs talabalari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda institut rektori Ilhomjon To‘xtasinov hamda tuman hokimi Samandar Astonov so‘zga chiqishib, yo‘lga qo‘yilayotgan mustahkam hamkorlik aloqalaridan ko‘zlangan maqsad va kutilayotgan natijalar to‘g‘risida talabla yoshlarga ma’lumot berishdi. Tuman hokimi o‘z so‘zida bugun yoshlar uchun keng imkoniyatlar eshigi ochiq ekanligini, jumladan, tumanda ham bilimli, salohiyatli, kreativ fikrlaydigan yoshlarga ehtiyoj mavjud ekanligini ta’kidladi.

Erkin suhbat ruhida o‘tgan uchrashuv yoshlar va hokim o‘rtasida savol-javoblar bilan davom etdi. Bitiruvchi yoshlar tomonidan xorijiy tillar o‘qitilishini qo‘llab-quvvatlash va yanada rivojlantirish borasida bir qancha taklif va tashabbuslar bildirildi. Jumladan, institutning ingliz tili II fakulteti 4-bosqich talabasi Xo‘rozov Nuriddin o‘zaro hamkorlik asosida xorijlik mutaxassislarning tumanlardagi umumta’lim maktablarida ham darslarini tashkil etish maktab o‘quvchilarining xorijiy tillariga bo‘lgan qiziqishlari ortishiga sabab bo‘lishini ta’kidladi.

Bunga javoban institut rektori bu borada hech qanday muammo yo‘q ekanligini, jumladan, bugungi kunda Amerika qo‘shma shtatlaridan 10 nafar yoshlar kelib, o‘zbek tilini, madaniyatini o‘rganishayotganligini bu ham har ikki tomon uchun manfaatli taklif bo‘lishini ta’kiladi. Shuningdek, rektor tumanda “Mobil guruhlar faoliyati ham yo‘lga qo‘yilib, o‘qituvchilar malakasini yanada oshirish, zamonaviy pedagogik texnologiyalarni targ‘ib qilish choralari ko‘rilishini bildirdi.

Shuningdek, uchrashuv davomida tumandagi 5-sonli xorijiy tillarni chuqur o‘rgatishga ixtisoslashgan umumta’lim maktabi direktori muntazam ravishda olib borilayotgan hamkorlik aloqalari uchun institut rektori Ilhomjon To‘xtasinovga tashakkurnoma topshirdi. Shuningdek, intitutdagi a’lo baholari va na’munali xulqi bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘lib kelayotgan, uchrashuvda faol ishtirok etgan talaba yoshlarga tuman hokimligining tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Uchrashuv so‘ngida tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri Zamira Aliqulova so‘z olib, bugungi institutning bitiruvchi kurs talabalaridan 5 nafari tumandagi umumta’lim maktablarida yoshlarga bilim berayotganligini ta’kidlab, bitiruvchi kurs talabalari uchun umumta’lim maktablarida mavjud bo‘sh ish o‘rinlaridan takliflar berdi. Oliy ta’limni muvaffaqiyatli tamomlab, xalq ta’limida faoliyat yuritish niyatida bo‘lgan bitiruvchilar bugunning o‘zidayoq ish o‘rinlarini naqd qilishlari mumkinligini bildirdi.

Mazkur taklifga binoan institutning ingliz tili II fakulteti 4-bosqich talabasi Xusanov Shohjahon tumanning Nebo‘sa mahallasida joylashgan 50-sonli umumta’lim maktabida faoliyat boshlash yuzasidan shartnoma imzoladi.

Uchrashuv yakunida institut rahbariyati hamda tuman xalq ta’limi mas’ullari o‘rtasida ham hamkorlikda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan muhim vazifalar kelishib olindi.

2015-2024 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM