Tadbirkorlik muhitini yaxshilash va xususiy sektorni rivojlantirish yuzasidan yangi tartiblar belgilandi

“Tadbirkorlik muhitini yaxshilash va xususiy sektorni rivojlantirish orqali barqaror iqtisodiy oʻsish uchun shart-sharoitlar yaratish borasidagi navbatdagi islohotlar toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni qabul qilindi.

Farmonga muvofiq, quyidagilar joriy etiladi:

▫️qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yerlarni mulk huquqi asosida auksion orqali sotishda toʻlovlarni 3 yilgacha boʻlib-boʻlib toʻlashga ruxsat etiladi;

▫️boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan sotilgan davlat aktivlari va qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yerlar boʻyicha kamida 35 foizi miqdoridagi dastlabki toʻlovni biryoʻla amalga oshirgan xaridorlarga mazkur mulklarni kredit taʼminoti sifatida garovga qoʻyish huquqi beriladi.

2022-yil 1-maydan roʻyxati Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan xorijiy davlatlar fuqarolariga Oʻzbekistonda yashash guvohnomasini talab qilmagan holda, yangi barpo etilayotgan quyidagi koʻchmas mulk obyektlarini sotib olish tarzida investitsiya kiritish huquqi beriladi:

Toshkent viloyati, Toshkent va Samarqand shaharlarida – qurilish davrida tuzilgan shartnomalarga asosan qiymati 150 ming AQSH dollari ekvivalentidan, foydalanishga qabul qilingan koʻchmas mulk obyektlarida qiymati 180 ming AQSH dollari ekvivalentidan kam boʻlmagan koʻchmas mulk obyektlari;

boshqa hududlarda – qurilish davrida tuzilgan shartnomalarga asosan qiymati 70 ming AQSH dollari ekvivalentidan, foydalanishga qabul qilingan koʻchmas mulk obyektlarida qiymati 85 ming AQSH dollari ekvivalentidan kam boʻlmagan koʻchmas mulk obyektlari.

Bunda, mazkur koʻchmas mulk obyektlarini sotib olish xorijiy davlatlar fuqarolariga Oʻzbekistonda doimiy roʻyxatdan oʻtish va yashash guvohnomasini olish uchun asos boʻlmaydi.

Xorijiy mamlakatlar fuqarolariga koʻchmas mulk sotib olish sharti bilan Oʻzbekistonda yashash guvohnomasini olish uchun talab etiladigan koʻchmas mulk qiymati miqdori Toshkent viloyati va Toshkent shahrida 400 ming AQSH dollaridan 300 ming AQSH dollari ekvivalentigacha kamaytirildi.

Farmonga koʻra, quyidagilar joriy etildi:

oxirgi yildagi savdo tushumi BHMning 10 ming baravaridan (2,7 mlrd soʻmdan) oshmaydigan tadbirkorlarga nisbatan monopoliyaga qarshi choralar qoʻllanilmaydi;

- 2022-yil 1-sentyabrdan raqobatga qarshi harakat qilgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarga quyidagilar uchun moliyaviy jarimalar qoʻllaniladi:

tovar va moliya bozorida raqobatni cheklashga olib keluvchi kelishuvlar va iqtisodiy faoliyatni muvofiqlashtirish;

ijtimoiy va strategik ahamiyatga ega mahsulotlar narxlarini asossiz oshirganlik va insofsiz raqobat;

xoʻjalik yurituvchi subyektlarni qoʻshib yuborishda, qoʻshib olishda va aksiyalarni sotib olish bitimlarini tuzishda raqobatni buzish;

ommaviy savdolarda raqobatga zid harakatlar amalga oshirganlik va monopoliyaga qarshi talablarni buzish.

2022-yil 1-maydan norezident shaxsning Oʻzbekistondagi manbalardan oladigan daromadlari boʻyicha daromad soligʻi 12 foiz miqdorida belgilanadi (ilgari 20 foizgacha).

2022-yil 1-iyuldan bojxona bojlari boʻyicha imtiyozlar faqatgina qonunlar bilan beriladi.

Farmonga koʻra, Toshkent shahri misolida Nukus shahri va barcha viloyatlar markazlarida jamoat transporti infratuzilmasini rivojlantirish strategiyasi joriy etiladi.

2022-yil 1-iyuldan davlat ishtirokidagi korxonalar kuzatuv kengashi aʼzolarini ragʻbatlantirish va ijro organi aʼzolariga haq toʻlashda yagona ragʻbatlantirish siyosati joriy etiladi.

Bunda, ijro organi aʼzolariga ish haqi va yil boʻyicha bir yoʻla toʻlanadigan mukofotdan tashqari har qanday qoʻshimcha toʻlov bekor qilindi.

Davlat ishtirokidagi korxonalarga Prezident va Hukumat qarorlarida nazarda tutilmagan hollarda quyidagilar taqiqlanadi:

faoliyatiga xos boʻlmagan yangi obyektlarni sotib olish yoki qurish;

raqobat rivojlangan sohada faoliyatidan tashqari qoʻshimcha faoliyat bilan shugʻullanish;

faoliyatiga xos boʻlmagan xoʻjalik jamiyatlari ustav kapitalida ishtirok etish yoki undagi ulushni sotib olish.

Davlat ishtirokidagi korxonalar va davlat ulushi 50 foiz va undan koʻp boʻlgan banklar tomonidan mulkni sotish, boshqa korxonaga investitsiya kiritish kelishuvlari majburiy tarzda korxonalar kuzatuv kengashi bilan kelishiladi.

Davlat korxonalarining homiylikka sarflanadigan har yilgi xarajatlari oʻtgan yilda olingan sof foydaning 3 foizidan oshmasligi kerak.

2015-2024 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM