Fermer yer va suvdan unumli foydalansin, daromad olib, ro‘zg‘orini but qilsin

Xabaringiz bo‘lsa, tuman hokimining taklifiga binoan “O‘zagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi jamoasi Bulung‘ur tumanida bo‘lib, qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi monitoring qilinishi haqida ma’lumot bergan edik.

 

Tuman hokimligida o‘tkazilgan navbatdagi muhokamada o‘tkazilgan monioring davomida aniqlangan kamchiliklar tahlil qilindi. Bunda asosoan g‘alla parvarishi, yerlarni o‘z vaqtida shudgor qilib, bahorgi ekinlarni ekish, reja qilingan ekinlarni rejada ko‘rsatilgan miqdorda ekish masalalari, suv resurslaridan oqilona foydalanish kabi masalalarga e’tibor qaratilgan bo‘lib, joylarda bir qancha kamchiliklar aniqlanganligini kuzatish mumkin. Misol uchun oladigan bo‘lsak, Fozil Yo‘ldosh nomli agrofirma hududida 2022-yil hosili uchun 70 ta fermer xo‘jaligi tomonidan 327 gektar maydonga kartoshka ekish rejalashtirilgan bo‘lib, amalda 262 gektar, 59 ta fermer xo‘jaligi tomonidan 42,0 gektar maydonga sabzi ekish belgilangan bo‘lib, amalda  37,9 gektar, 44 ta fermer xo‘jaligi tomonidan 44,0 gektar maydonga piyoz ekish rejalashtirilgan bo‘lib, amalda 39,8 gektar maydonga ekilgan. Lekin ayrim fermer xo‘jaliklarida yer tayyorlash va ekish ishlariga kirishilmagan. Jumladan, hududdagi “Ibragimov Komil zamin sayqali” fermer xo‘jaligini 1 gektar maydoni shudgor qilinmagan, sabzavot va kartoshka ekish uchun yer tayyorlanmagan.

Yoki tumanning Abdusalom Maxsumov nomli agrofirma hududidagi 41 ta fermer xo‘jaligi tomonidan parvarishlanayotgan jami 423 gektar g‘alla maydonlarining 168 gektari (39,7%) sug‘orilmagan. Hududda jami 14 gektar, jumladan, “Normat Akbar Akram fayz” fermer xo‘jaligida 2 gektar, “Sardor Ubaydullaev OFS” fermer xo‘jaligida 3 gektar, “Temur Islom Shavkat dalasi” fermer xo‘jaligida 2 gektar, “Fozilbek Sindorov dalasi” fermer xo‘jaligida 3 gektar va “Chambil Shertoybek zamin” fermer xo‘jaligida 4 gektar g‘alla maydonlarini begona o‘t bosgan. Hududdagi 46 ta fermer xo‘jaligida jami 47 gektar maydonga sabzi ekish, 48 ta fermer xo‘jaligida jami 49,2 gektar maydonga piyoz ekish ishlari boshlanmagan.

  • Hech kim unutmasinki, bizning maqsadimiz faqatgina yerning har qarichidan, suvning har tomchisidan unumli foydalanilishini ta’minlash. Maqsadimiz fermer daromad olsin, ro‘zg‘orini but qilsin, belgilangan soliqlarni vaqtida to‘lasin. Foydasi o‘ziniki, deya ta’kidladi tuman hokimi Samandar Astonov.

 

 Yig‘ilish davomida yer bilan bog‘liq majburiyatlarini muntazam ravishda buzib kelayotgan fermer xo‘jaliklariga nisbatan qonunchilikka muvoifiq ta’sir choralarini ko‘rish, zarur hollarda shartnomani bekor qilish masalasini ko‘rish lozimligi ta’kidlandi. Aniqlangan holatlarni, umuman hududdagi bu kabi kamchiliklarni bartaraf etish uchun mas’ullarga bir hafta muddat berildi.

Bundan tashqari, muhokama so‘ngida PQ-20-sonli Qaror ijrosi hamda baliqchilik sohasini rivojlantirish borasidagi ishlar ahvoli muhokama qilinib, mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.

2015-2024 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM