M-39 avtomobil yo‘li bo‘ylab amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar muhokama qilindi

Bulung‘ur tumani hokimi Samandar Astonov bugun Samarqand muntazam yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi rahbari Murodxon Xadjixanov hamda tumandagi tegishli mas’ullar hamrohligida tuman hududidan o‘tuvchi xalqaro ahamiyatga ega M-39 avtomobil yo‘li bo‘ylab yurib, joylarda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalarni muhokama qildi.

 

Xususan, yo‘l bo‘ylab aholi yashash manzillari yaqinlarida piyodalar o‘tish yo‘laklariga svetaforlar o‘rnatish, yo‘l yoqalarini tartibga keltirish, yo‘l belgilarini yangilash masalalari muhokama qilindi.

Samarqand mahallasi hududida ichki ko‘chalardan yig‘ilib keladigan yomg‘ir suvlari to‘planishi ko‘p yillardan buyon aholiga noqulayliklar tug‘dirib kelmoqda. Mazkur muammoni ijobiy hal etish maqsadida 200 metr masofaga irrigatsiya ariqlari yotqizilishi belgilandi.

Shuningdek, Ulug‘bek mahallasidagi yillar davomida bo‘sh turgan binolardan unumli foydalanish chorasini ko‘rish lozimligi ta’kidlandi.

Bundan tashqari, o‘rganish davomida tuman hududiga kirib kelish qismidagi “Yuqori nuqta” posti oldida joylashgan Samarqand muntazam yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi balansida uzoq yillardan buyon bo‘sh turgan binoni tuman hokimligi balansiga olish va undan unumli foydalanish chorasini ko‘rish masalalari muhokama qilindi.

2015-2022 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM