Korrupsiyaga qarshi kurashishda jamoatchilikning o‘rni muhim

9-dekabr – Korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan yurtimiz bo‘ylab “Aksilkorrupsiya haftaligi” bo‘lib o‘tmoqda.

 

Haftalik doirasida bugun erta tongdan Bulung‘ur tumanidagi mahalla fuqarolari yig‘inlari raislari ishtirokida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Tuman hokimligi majlislar zalida o‘tkazilgan uchrashuv davomida tuman hokimining o‘rinbosari Azizbek Buriboev, tuman din ishlari bo‘yicha bosh mutaxassisi Ikrom Ravshanov, tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘ining o‘rinbosari Ismoil Raupov hamda tuman ichki ishlar bo‘limi tergov bo‘limi tergovchisi Ulug‘bek Rasulovlar so‘zga chiqishdi.

Ma’ruzachilar so‘nggi vaqtlarda Samarqand viloyatida aniqlangan korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlar va ularning huquqiy oqibatlari to‘g‘risida ma’lumot berishdi. Uchrashuv davomida korrupsiyaga olib keluvchi, unga sharoit yaratib berayotgan holatlar tahlil qilinib, yuqori turuvchi organlar tomonidan bu borada tegishli xulosalar qilinishi choralari ko‘rilayotganligi ta’kidlandi.

Shunday ekan, yurtimizda olib borilayotgan islohotlarni to‘g‘ri tushunish va aholi, keng jamoatchilik orasida faol targ‘ib etish, jamiyatimizda ushbu illatga qarshi murosasiz kayfiyatni shakllantirish va jamoatchilik nazoratini o‘rnatish borasida mahalla fuqarolari yig‘inlari raislarining mas’uliyati katta ekanligi ta’kidlandi.

O‘zaro savol-javob, erkin suhbat asosida o‘tgan davra suhbati yakunida masala yuzasidan mahalla tuzilmasi, boshqaruv hamda huquq-targ‘ibot idoralari o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni yanada kuchaytirish va yangi bosqichga olib chiqishga kelishib olindi.

2015-2024 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM