Tuman markazidagi holat ko‘zdan kechirildi

Bugun Bulung‘ur tumani hokimi Baxodir Baxromov soha mas’ullari hamrohligida tuman markazini piyoda yurib ko‘zdan kechirdi. O‘rganish davomida aniqlangan kamchiliklar yuzasidan shu joyning o‘zida tegishli soha rahbarlariga ko‘rsatmalar berib bordi.

Tuman hokimi yo‘l-yo‘lakay yurar ekan, yo‘ldagi har bir narsaga alohida e’tibor qaratib, ijobiy tajribalarni ham, kamchiliklarni ham ko‘rsatib bordi. Tadbirkorlar, fuqarolar bilan muloqotda bo‘lib, ularning murojaatlarini tingladi, tevarak-atrofni ozoda saqlash borasida o‘z fikrlarini bildirdi.

Xususan, O‘zbekiston ko‘chasidagi tadbirkorlar tomonidan o‘z tadbirkorlik binosining oldi ham chiqindilardan tozalanmaganligi tanqid qilinib, tozalik, ozodalik bor joyda fay-u baraka bo‘lishligi ta’kidlandi.

Shu ko‘chada bunyod etilayotgan salomatlik yo‘laklarini pishiq-puxta qilish, ishlar har bir mayda jihatlariga qadar sifatli bajarilishi lozimligini ta’kidladi.

Shuningdek, yo‘l-yo‘lakay kishi ko‘ngilini xira qiluvchi tarzda ajnabiy yozuvlardagi yoki imlo xatolari bilan yozilgan, milliy qadriyatlarimizga mos kelmaydigan reklama bannerlarini almashtirish, ularni tartib bilan o‘rnatish lozimligi ma’lum qilindi.

Yo‘l bo‘yidagi ko‘p qavatli uylarda istiqomat qiluvchi fuqarolar bilan suhbatda, chiqindilar chiqindi qutisiga emas, uning yoniga tashlab ketilayotganligi ma’lum bo‘ldi. Kelgusida ushbu holatga barham berish uchun, shu uylarda yashovchi fuqarolardan biri tuman “Obodonlashtirish” boshqarmasiga ishga qabul qilinib, hudud ozodaligiga mas’ul bo‘lishiga kelishildi.

Aniqlangan kamchiliklarni sifatli tarzda bartaraf etish yuzasidan mas’ullarga ko‘rsatmalar berildi.

Bu kabi o‘rganishlar kelgusida yana davom ettirilishi ma’lum qilindi.

2015-2021 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM