Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Xusanov boshchiligidagi Respublika ishchi guruhi Bulung‘ur tumanida

Ayni vaqtda O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Xusanov boshchiligidagi Respublika ishchi guruhi Bulung‘ur tumanida bo‘lib turishibdi. Shu munosabat bilan tuman hokimligi majlislar zalida tumandagi har bir mahallada yangidan tashkil etilayotgan hokim yordamchilari bilan uchrashuv tashkil etildi.

 

Uchrashuv davomida yangi tashkil etilayotgan ushbu tuzilmadan ko‘zlangan maqsad, unga taklif etilayotgan nomzodlarga qo‘yiladigan talablar, ular oldida turgan vazifalar bilan bir qatorda, ularga yaratilayotgan qulayliklar, xususan, ish sharoitlari, oylik maosh, kelgusida beriladigan imtiyozlar xususida ham ma’lumot berib o‘tildi.

Xususan, ma’lum qilinishicha, mazkur lavozimga oliy ma’lumotli, iqtisodiyot sohasida kamida 2 yil mehnat stajiga ega bo‘lgan, mahallaning shart-sharoitini yaxshi biladigan, tadbirkorlikni rivojlantirish, fuqarolarning biznes loyiha va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash tajribasiga ega bo‘lganlar tayinlanadi.

“Hokim yordamchisi” “Xonadonbay” so‘rovlar o‘tkazish orqali mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish “portreti”ni ishlab chiqish, mahallaning ixtisoslashuvi va “o‘sish nuqtalari”dan kelib chiqqan holda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish choralarini ko‘rish, ishsiz aholini kasb-hunarga o‘qitish, ishga joylashish istagini bildirgan ishsizlar bandligini ta’minlash va aholining o‘zini o‘zi band qilishiga ko‘maklashadi.

Nomzod ushbu lavozimga tayinlangan kundan e’tiboran milliy kadrlar zaxirasiga kiritilib, mehnat faoliyatining natijadorligiga ko‘ra lavozim bo‘yicha o‘stirib boriladi.

 

Uchrashuv davomida nomzodlarni qiziqtirgan savollarga javoblar berildi, ularning takliflari tinglandi.

 

Shundan so‘ng, vazir Nozim Xusanov boshchiligidagi Respublika ishchi guruhi tomonidan tuman hokimi Baxodir Baxromov ishtirokida tumandagi 55 ta mahallaga taklif etilayotgan nomzodlarning har biri bilan alohida suhbat tashkil etilib, ularning malaka toifasi, sohaga qiziqishi, kelgusi rejalari tinglanmoqda.

Suhbat natijalari yuzasidan har bir nomzod bo‘yicha xulosalar viloyat shtabida muhokama etilishi ma’lum qilindi.

 

2015-2024 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM