Tuman hokimligida navbatdagi murojaatlar qabuli o‘tkazildi

Murojaatlarni tinglay bilish ham uning yarim yechimidir. Shu nuqtayi nazardan Bulung‘ur tuman hokimligi tomonidan haftaning seshanba kunlari murojaatlar tinglanib, ularga amaliy yechim topish choralari ko‘rib kelinmoqda. Joriy yil 19 oktabr kuni tuman hokimligi yozgi majlislar zalida bo‘lib o‘tgan navbatdagi qabulda ham jismoniy va yuridik shaxslar o‘z muammo va takliflari yuzasidan tuman hokimi Baxodir Baxromovga murojaat qilishdi.

Bo‘lib o‘tgan qabulda 30 dan ortiq fuqarolar turli mazmundagi murojaatlari bilan ishtirok etishdi. Ba’zi murojaatlar yuzasidan huquqiy tushunchalar berildi. Misol uchun sud jarayonidagi ishlarga, moddiy yordam, bola puli kabi masalalarga tuman hokimligi aralashmasligi yoki kadastr hujjatlari yo‘q fuqarolar tomonidan oshirilgan narxlarda soliq to‘lanishi “Soliq Kodeksi”da belgilanganligi va uni tuman hokimligi bekor qilmasligi kabi masalalar yuzasidan huquqiy tushunchalar berildi.

 Har bir murojaat shu yerning o‘zida, murojaatchi va tegishli soha mas’ullari ishtirokida atroflicha muhokama qilinib, yechimi yuzasidan zaruriy vazifalar belgilab olindi. Qabul yakuniga ko‘ra jami 21 ta murojaat ijro uchun qabul qilinib, tegishli soha mas’ullariga aniq vazifalar berildi.

Qabul so‘ngida tuman hokimi murojaatlarning aksariyati hal etish mumkin bo‘lgan va qonunga xilof bo‘lmagan murojaatlar ekanligini, har bir murojaatni o‘z joyida, atroflicha o‘rganish, zarur bo‘lsa qo‘shimcha mutaxassislar yoki mahalladagi keng jamoatchilikni jalb etish lozimligini bildirdi. Murojaatlar ijrosi yuzasidan har bir mas’ul joriy hafta yakuniga qadar shaxsan ma’lumot berishi lozimligi ta’kidlandi.

 

2015-2024 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM