Sportning Taekvondo WTF turidan Samarqand viloyati chempionati saralash bahslari bo’lib o’tdi

Yurtimizda sportning keng rivojlanishi uchun yaratilgan sharoitlar natijasida sport bilan shug’ullanuvchi yoshlar soni ham tobora ortib bormoqda. Yosh sportchilarni qo’llab-quvvatlash va tajribasini yana orttirish, salohiyatli sportchilarni saralab, ularni Respublika hamda jahon miqyosidagi musobaqalarga tayyorlash maqsadida tumanlar, viloyatlar jamoalari o’rtasida o’zaro bellashuvlar doimiy o’tkazilib kelinmoqda.

 

Ana shunday bellashuvlardan navbatdagisi joriy yil 16-oktabr kuni Bulung’ur tumanidagi Bolalar va o’smirlar sport maktabida bo’lib o’tdi. Sportning Taekvondo WTF turidan yoshlar, o’smirlar va kattalar o’rtasida o’tkazilgan Samarqand viloyati chempionati saralash bahslarida viloyatning barcha tuman, shaharlaridan 200 ortiq sportchilar ishtirok etishdi.

Taekvondo WTF Samarqand viloyati federatsiyasi tashabbusi bilan tashkil etilgan bellashuvlar ochilish marosimida tuman prokurori Sobirjon Saidov, tuman Davlat soliq inspeksiyasi rahbari Sherzod Eshmuratov, tuman hokimi o’rinbosari  Azizbek Buriboyev ishtirok etib, musobaqa ishtirokchilariga muvaffaqiyat tilashdi.

 

Musobaqada 2010-2008 yillarda tug’ilgan yoshlar 10 ta vazn toifasida, 2007-2005 yillarda tug’ilgan o’smirlar 10 ta vazn toifasida hamda 2004 va undan yuqori yoshdagilar sportchilar 10 ta vazn toifasida bahslashdilar.

 

Murosasiz kechgan bahslarda Bulung’ur tumanidan 14 nafar sportchilar ishtirok etishdi. Yakuniy natijalarga ko’ra sport murabbiyi Qudrat Bakayev shogirdlaridan 4 nafari: Ulug’bekov Azizxon, Muhitdinova Marjona, Ashirova Rayxona, Madiyeva Dilbar 1-o’rinni va 2 nafari: Otabekov Ozodbek hamda O’razaliyeva Sevinch 2-o’rinni egallashdi.

Bellashuvlar yakunida g’olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan medall hamda faxriy yorliqlar bilan taqdirlandilar.

Ma’lumot uchun, musobaqada yuqori natijalarni qayd etgan sportchilar Samarqand viloyati terma jamoasiga saralab olinadi.

2015-2024 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM