Oilaviy MTTlar soni ortib bormoqda, sifatichi?

Bugun yurtimizda 3-7 yoshdagi bolalarni maktabgacha ta’limga qamrab olish maqsadida oilaviy maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish ham qo‘llab-quvvatlanmoqda. Xususan, joriy yildan ularda qamrab olish mumkin bo‘lgan yoshlar soni 25 nafardan 50 nafargacha ko‘paytirish imkoniyati yaratildi. Ayni vaqtda Bulung‘ur tumanida ularning soni 105 taga yetgan. Ko‘rinib turibdiki sohada oilaviy maktabgacha ta’lim tashkilotlarining salmog‘i ham ortib bormoqda. Xo‘sh, ularda ta’lim va tarbiya sifati ham talab darajasidami? Sanitariya-gigiena va xavfsizlik talablariga yetarli darajada e’tibor qaratilyaptimi?

 

Yuqoridagi savollarga javob topish, shuningdek ularga metodik va uslubiy yordam ko‘rsatish, ajratilayotgan subsidiya mablag‘larnining maqsadli sarflanishini monitoring qilish maqsadida ishchi guruh tomonidan tanlov asosida tumandagi 40 ta oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari o‘rganildi.

 

O‘rganish natijalari joriy yil 15-oktabr kuni tuman hokimi o‘rinbosari A.Buriboev, soha mas’ullari hamda oilaviy maktabgacha ta’lim tashkilotlari rahbarlari ishtirokida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda muhokama qilindi. Ma’lum qilinishicha, o‘rganish davomida ayrim oilaviy MTTlarda birlamchi tibbiy yordam uchun zarur dori-darmonlar yetarli emasligi, taribyalanuvchilar soni subsidiya ajratilayotgan tarbiyalanuvchilar soniga mos kelmasligi, isitish tizimi o‘rnatilmaganligi, jihozlarning yetarli darajada emasligi, ayrim holatlarda taomnoma mavjud emasligi, tarbiyachilar bilan mehnat shartnomasi tuzilmganligi kabi kamchiliklar aniqlangan.

 

Yig‘ilish so‘ngida o‘rganish davomida aniqlangan kamchiliklarni qisqa fursatda bartaraf etish yuzasidan mas’ul rahbarlarga topshiriqlar berilib, bu borada qonunchilikda belgilangan ta’sir normalari eslatib o‘tildi.

2015-2024 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM