Bulung‘urda kartoshka yetishtirishning istiqbollari qanday?

Bulung‘ur tumanining Fozil Yo‘ldosh, Hamid Olimjon, Abdusalom Mahsumov, Alisher Navoiy, Kildon agrofirmalari azaldan kartoshka yetishtirishga ixtisoslashgan.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 6-maydagi “Respublikada kartoshka yetishtirishni kengaytirish va urug‘chiligini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 4704-sonli qarori ham bu boradagi ishlarning yanada jadal sur’atlarda rivojlanishi uchun bir turtki bo‘ldi. Mazkur qaror ijrosini ta’minlash maqsadida tuman hokimining qarori bilan “GREN AGRO ZARAFShON” MChJ kartoshkachilik klasteri tashkil etildi. Klaster korxonasiga 61 ta fermer xo‘jaligining jami 435 gektar yer maydonlari biriktirilib berildi.

 

Klaster tomonidan 2021-yilda investitsiya loyihasi bo‘yicha 300 tonnalik muzlatkichli omborxona qurilishi loyihalashtirilgan. Mazkur loyiha qiymati 1 mlrd. 200 ming dollar bo‘lib, shundan 400 ming dollar o‘z mablag‘i, 800 ming dollar bank krediti hisobidan amalga oshirilishi rejalishtirilgan.

 

Hozirda klaster tomonidan Gollandiya davlatidan “Arizona”, “Evolution”, “Picasso” kabi navlarining urug‘lari keltirilgan bo‘lib, bahorgi ekin uchun 3 ming gektar yerga kartoshka urug‘i yetkazib berilishi borasidagi ishlar amalga oshirilmoqda. Keyinchalik esa, tumanda yetishtirilgan mahsulotlar yarim tayyor mahsulot shaklida xorijiy mamlakatlarga eksport qilinishi rejalashtirilgan. Bu bilan mahsulot tannarxining ham bir necha barobar ortishiga yerishiladi, yangi ish o‘rinlari yaratiladi, tumanning eksport salohiyati yanada ortadi.

 

Ma’lumot uchun, ayni vaqtga qadar tumanda 2021-yil hosili uchun g‘alladan bo‘shagan maydonlarga 2 ming 309 gektar kartoshka ekilgan bo‘lib, shundan 386 gektar maydonga urug‘lik uchun ekilgan. Mazkur maydonlardan 61 620 tonna kartoshka hosili olinishi rejalashtirilgan.

2015-2024 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM