Bulung‘urlik nuroniylar Toshkentga sayohatga borishdi

Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 27-sentabrdagi 816-son qarori bilan oktabr oyining birinchi haftasi “Keksalar haftaligi” etib belgilangan. Shu munosabat bilan 4-10 oktabr kunlari yurtmiz bo‘ylab “Keksalarni e’zozlash, ularga hurmat-ehtirom ko‘rsatish – xalqimizga xos ezgu fazilat” degan ezgu g‘oya ostida “Nuroniylar haftaligi” bo‘lib o‘tmoqda.

 

Haftalik doirasidagi loyihalar Bulung‘ur tumanida ham yuqori saviyada tashkil etilmoqda. Xususan, belgilangan chora-tadbirlar rejasiga muvofiq, joriy yil 6 oktabr kuni 50 nafar ijtimoiy faol bo‘lgan bulung‘urlik nuroniylarning Toshkent viloyati Qibray tumanida tashkil etilgan “Yangi O‘zbekiston bog‘i”ga hamda viloyat markazidagi diqqatga sazovor joylarga sayohati tashkil etildi.

Bulung‘ur tumanidan erta tongdan yo‘lga chiqqan nuroniylarning sayohat davomidagi ilk manzili “Yangi O‘zbekiston bog‘i” bo‘ldi. Sayohatchilar bu yerda mustaqilligimizning 30 yillik tantanalari munosabati bilan qurilgan “Istiqlol majmuasi”ni tomosha qilishib, gullar va daraxtlarning alohida turlariga bag‘ishlangan bog‘larni sayr qildilar.

 

Shundan so‘ng otaxonlaru-onaxonlardan iborat sayohatchilar bir piyola choyga taklif qilindi. “To‘rtta o‘zbek yig‘ilsa, albatta, osh qilinadi”, deganlaridek, sayohatchilar o‘zbek milliy taomi osh ustida ko‘rgan taassurotlarini o‘rtoqlashdilar. Nuroniylarning suhbatlari xalqimizning kechasi va buguni, istiqlol nashidalari to‘g‘risida bo‘ldi.

Nuroniylar kunning ikkinchi qismida “G‘alaba bog‘i” va undagi “Shon-sharaf muzeyi”da bo‘lishdi. Bu yerda ikkinchi jahon urushi daxshatlari ro‘y-rost aks ettirilgan eksponatlar, urush davrida qo‘llanilgan harbiy aslahalarni tomosha qilishib, ko‘rgan-kechirganlari, eshitganlarini yodga olishar ekan, beixtiyor, yurtimiz tinchligini so‘rab duoga qo‘l ochdilar.

 

Shuning yakuniga yetayotgan kundan to‘la qoniqish hosil qilgan sayohatchilar ortga yo‘l olishdi. Qayd etish lozimki, muzeydagi eksponatlar xotiralarni yodga soldi. Shu sabab yo‘l-yo‘lakay bo‘lgan suhbatlar ham o‘tmish xotiralari, bugungi kun saodatlari haqida bo‘ldi. Yurtimiz tinchligi, osmonimiz musaffoligi, farzandlar kamolini so‘rab duo qilindi.

 

Eslatib o‘tamiz, haftalik doirasidagi loyihalar davom etmoqda.

2015-2024 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM