Hokimlik xodimlari uchun o‘quv-soati kerak(mi)?

Bugun, 16 iyul kuni Bulung‘ur tuman hokimligida navbatdagi siyosiy, iqtisodiy o‘quv soati bo‘lib o‘tdi. Tuman hokimining o‘rinbosarlari, bo‘lim boshliqlari, guruh rahbarlari, bosh va yetakchi mutaxassislar ishtirok etgan o‘quv soati avvalida tashkiliy nazorat guruhi rahbari B,Mamadiyarov so‘zga chiqib, hokimlik xodimlarining ijro intizomiga rioya qilishlarida yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar xususida to‘xtalib o‘tdi.

Shundan so‘ng so‘zga chiqqan hokimlik bosh yuriskonsulti O.Jumanazarov, tuman hokimligida “E-qaror” elektron tizimidan foydalanishda yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarga to‘xtalib o‘tdi. Xususan, hokimlik yuristi har bir qaror qabul qilinishida 3 kunlik qat’iy belgilangan muddatdan chetga chiqmaslik, shuningdek, qarorlar mehnat qonunchiligi talablariga ko‘ra belgilangan ish vaqti – soat 18:00 ga qadar bo‘lgan muddat ichida joylashtirilishi lozimligini eslatib o‘tdi.

O‘quv soati so‘ngida hokim maslahatchisi G‘.Shamanov, o‘tgan hafta o‘quv soatida olingan test natijalarini e’lon qildi. Shuningdek, barcha xodimlarning so‘z boyligi hamda mantiqiy fikrlash qobiliyatini aniqlashga qaratilgan insho olinib, natijasi kelgusi hafta e’lon qilinishi ma’lum qilindi.

Ta’kidlash kerakki, bu kabi o‘quv soatlari hokimlik xodimlarining o‘zaro fikr almashishlari, muammo va kamchiliklarni o‘zaro fikrlashib olishlari, bamaslahat faoliyat yuritishlari uchun ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.

2015-2024 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM