Piyodalar yo‘laklari piyodalar uchun xizmat qilyaptimi?

Guliston mahallasi O‘zbekiston ko‘chasida 138 mln. so‘m mablag‘ evaziga 1 km, Mingtepa mahallasi Birlik qishlog‘ida 118 mln. so‘m evaziga 1.7 km, Xo‘jamazgil mahallasi Farmontepa qishlog‘idagi 41-maktabga borish yo‘lida 65 mln. so‘m evaziga 0.9 km, Gulzor mahallasidagi 52-maktabga borish yo‘lida 138 mln. so‘m evaziga 1.1 km, Mehrjon mahallasi Oqtepa ko‘chasida 0.25 km, Mehrjon mahallasi O‘zbekiston ko‘chasida 0.5 km, Ulug‘bek mahallasida 0.35 km uchun jami 140 mln. so‘m... Bularning barchasi faqatgina shu yilning o‘tgan 6 oy davriga va faqatgina piyodalar yo‘lagiga tegishli raqamlar. Ya’ni, o‘tgan davr mobaynida Bulung‘ur tumanida 599 mln. so‘m mablag‘ evaziga jami 5.8 km. piyodalar yo‘lagi qurilgan.

 

Albatta, bularning barchasi piyodalarga qulaylik yaratish, farzandlarimizning yo‘llarda bexatar yurishlari uchun qilingan. Biroq, piyodalar yo‘laklari atrofidagi manzaralar kishi dilini xira qiladiki, nahotki yurtdoshlarimiz o‘z MENidan boshqani o‘ylamasa, deya taajjublanasan.

Piyodalar uchun qurilgan bu kabi yo‘lakchalarni avtomashinalar band qilganligini qanday tushunish mumkin? Agar o‘sha avtomobillardan birortasining haydovchisi yoniga borib, “Hoy barakatopgur, bu yer avtomashina uchun emas, piyodalar uchun, bu yerdan mashinangni olgin”, deb ko‘ringchi, tomoshani ko‘rasiz...

 

Aslida ushbu maqolaga ham shunga o‘xshash holatga duch kelganligimiz sabab bo‘ldi. Bir yosh yigitcha otasi tengi (ehtimol otasidan ham kattadir) nuroniy kishi bilan “sen-men”ga borayotganligiga guvoh bo‘ldik. Otaxon yigitchadan bor yo‘g‘i avtomobilini piyodalar yo‘lakchasiga qo‘ymaslikni so‘ragan ekan, xolos...

Yoki Gulzor mahallasidagi 52 maktabga olib boruvchi piyodalar yo‘lakchasi shu mahallaning farzandlari uchun, o‘quvchilar maktabga xavfsiz borib kelishlari uchun qurilgan. Ammo, piyodalar yo‘lakchasi qurilganiga bir oy o‘tar-o‘tmas, uning ustini chorva mollarining axlati “bezab” qo‘ydi. Erta tongdan yaxshi kayfiyatda maktabga otlangan kelajagimiz egalari piyodalar yo‘lagi ustini band qilgan chorva mollari yoki ularning tezagini aylanib o‘taishga majbur. Holatga esa na mahalla mas’ullari, na jamoatchilik e’tibor qaratmaydi. Xullas, sen menga teginma, men senga teginmayman”...

        

Masalaning yana bir jihatiga e’tibor qaratish lozimki, o‘zidan boshqani o‘ylamaydigan ayrim yurtdoshlarimitzning bu kabi menmanligi va jamoat mulkiga nisbatan bepisandligi sabab, davlat budjetidan ajratilgan mablag‘lar evaziga qurilayotgan piyodalar yo‘lakchalarining holati va sifati o‘z muddatidan ancha ilgari buzilib bormoqda. Xo‘sh, buning badalini kim to‘laydi?

 

Bulung‘ur tuman hokimligi axborot xizmati rahbari

2015-2024 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM