Bulung‘urda mahallabay ishlash markazi ish boshladi

Davlatimiz rahbarining 2021 yil 6 maydagi “Samarqand viloyatida eksperiment tariqasida mahallabay ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan shu yilning 1 iyunidan Bulung‘ur tumanida Mahallabay ishlash markazi tashkil etildi.

“Mahallabay” ishlash tizimi orqali mahalliy boshqaruv organlarini aholiga yanada yaqinlashtirish, aholi va tadbirkorlarning muammolarini aniqlash hamda ularni samarali hal etish yangi tuzilmaning asosiy maqsadi hisoblanadi.

– Markazga 18 ta mahallabay ishlash inspektorlariga ishga olinib, har biriga sektorlar kesimida 3 tadan mahalla biriktirildi – deydi Bulung‘ur tumani Mahallabay ishlash markazi rahbari Fazliddin Shodmonov. – Shuningdek, 4 nafar bo‘lim boshlig‘i 4 sektorga mas’ul etib belgilanib, inspektorlar tomonidan taqdim etilayotgan tahliliy ma’lumotlar sektorlar kesimida jamlanmoqda.

Tuman Boshqaruv ofislariga biriktirilgan doimiy vakillar tomonidan aholi xonadonlarida hamda tadbirkorlik sub’yektlarida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijasida aniqlangan muammolar va kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida hududlarga biriktirilgan inspektorlarga so‘rovnomalarning manzilli ro‘yxati taqdim etilgan. Bugungi kunda inspektorlar tomonidan so‘rovnomada ko‘rsatilgan ishsiz aholining bandligini ta’minlash va doimiy daromad manbaini yaratish orqali kambag‘allikni qisqartirish choralari ko‘rilmoqda.

Bundan tashqari, markaz xodimlari mahallabay ishlash asosida tadbirkorlikni rivojlantirishga ko‘maklashish hamda aholini kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish, tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan fuqarolarga, jumladan, ayollar va yoshlarga kredit hamda subsidiyalar olishda, tadbirkorlik, hunarmandchilik bilan shug‘ullanish istagini bildirganlarga asbob-uskuna hamda mini-texnologiyalar topishda ko‘maklashmoqda.

Xususan, mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘limi tomonidan shu paytgacha mahallalardagi 2862 ta tadbirkorlik sub’yekti bilan so‘rovnoma o‘tkazilib, ularning 307 tasida kredit, 55 tasida yer va bino ajratish, 3 tasida  kommunikasiya ta’minoti va tarmoqqa ulanish, 19 tasida mahsulotni sotish bilan bog‘liq muammolar aniqlandi. Bugungi kunda bu muammolarning 67 tasisi o‘z yechimini topdi.

Mahallada infratuzilmani rivojlantirish bo‘limi esa o‘tkazilgan so‘rovnomalar natijasi asosida aniqlangan 2331 ta muammoni hal etish yuzasidan chora-tadbir ishlab chiqmoqda. Birgina ichimlik suvi ta’minoti bo‘yicha mahallalarda 101 ta muammo qayd etilgan. Shu paytgacha Kichik kildon mahallasida 1,6 km., Saxovat mahallasida 1,3 km. ichimlik suvi tarmog‘i ta’mirlandi.

16 mahalladagi  umumta’lim maktablarini, 4, 12, 6, 34-sonli maktabgacha ta’lim  tashkilotlarini, 3 ta mahalla binosini ta’mirlash rejalashtirildi. Hozirda 14 ta ijtimoiy soha ob’yektlari joriy ta’mirlandi.

Bulardan tashqari, aholini suyultirilgan gaz ballonlari bilan ta’minlash, 4 ta gaz taqsimlash punktini ta’mirlash, 0,5 kilometr tabiiy gaz tarmog‘i tortish ishlari amalga oshirildi. Elektr ta’minoti, yo‘l infratuzilmasi bo‘yicha ham rejalar belgilab olingan.

Bugun mahallalardagi eng dolzarb masalalardan biri aholi bandligini ta’minlash, oilalarning doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishiga erishish hisoblanadi. Bulung‘urdagi mahallalarda mavjud 31 minga yaqin xonadonlarda o‘tkazilgan so‘rovnomalar natijasida 2792 nafar mehnatga layoqatli ishsiz fuqarolar aniqlangan. Hozirgacha ularning 633 nafari bandligi ta’minlandi. 66 nafar fuqaroga maqbul keluvchi ish topilgunga qadar ishsizlik nafaqasi tayinlangan.

“Mahallabay” ishlash jarayonida “Temir daftar”ga kiritilgan 85 nafar fuqaroga subsidiya asosida 47 ta motokultivator, 16 ta payvandlash uskunasi, 22 ta pishiriq pechi berildi. Shuningdek, “Temir daftar”dagi fuqarolarning 15 nafariga parranda, 1 nafariga tikuv mashinasi berildi. Xuddi shunday, “Ayollar daftari” ga kiritilgan 14 nafar xotin-qizlarga ham turli vositalar berilib, o‘zini-o‘zi band qilinishiga erishildi.

Bulung‘ur tumanida aholi xonadonlari uyma-uy yurib so‘rovnoma orqali o‘rganilgan. O‘rganish natijalarigi ko‘ra kasb-xunarga o‘qish istagini bildirganlar jami 740 nafar bo‘lib, shundan temir daftardagilar 3 nafar, ayollar daftaridagilar 88 nafarni, yoshlar daftaridagilar 598  nafarni tashkil qilgan.

Shu kungacha o‘qish istagini bildirgan fuqarolarning 192 nafari o‘qib bitirgan. Darslarni o‘zlashtirgan fuqarolarga sertifikat berilgan. Sertifikat olgan 55 nafar fuqaroni bandligi ta’minlangan. Qolgan 137 nafar fuqaro bandlini ta’minlash bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Tuman aholi bandligiga ko‘maklashish markazi tasarrufidagi kasb-hunar maktablarida 286 nafar fuqaro o‘qitilmoqda. Keyinchalik ushbu kurslarda o‘qish uchun yana 218 nafar kishi ro‘yxatga olingan.

 

Gʻ.HASANOV, O‘zA

2015-2024 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM