Bulung‘urda keksalar haftaligi bo‘lib o‘tmoqda

Mamlakatimizda davlat rahbarining tashabbusi bilan keksa avlod vakillarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat, oilalar va mahallalarda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, shuningdek yosh avlodni xalqimizning ko‘p asrlik an’analarini hurmat qilish ruhida tarbiyalash ishidagi rolini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

 

Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 27-sentabrdagi 816-son qarori bilan har yili oktabr oyining birinchi haftasi “Keksalar haftaligi” etib belgilangan. Ayni kunlarda Bulung‘ur tumanida ham “Keksalarni e’zozlash, ularga hurmat-ehtirom ko‘rsatish – xalqimizga xos ezgu fazilat” degan g‘oya ostida “Keksalar haftaligi” doirasidagi loyihalar yuqori saviyada tashkil etilmoqda.

 

Haftalik doirasidagi ilk tadbir tumandagi Istiqlol mahallasida joylashgan Bulung‘ur pedagogiga kollejida bo‘lib o‘tdi. Tadbirda so‘zga chiqqanlar bugun yurtimizda “Inson qadri uchun” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan islohotlar, bunda keksalarga qaratilayotgan e’tibor xususida so‘z yuritishdi. Vatanimiz tinchligi, osmonimiz musaffoligi, farzandlarimiz hurramligi, yurtimiz taraqqiyotida keksalarning donoligi muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

 

Tadbir davomida tuman hokimligi Madaniyat bo‘limi hamda 34-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchilari tomonidan tayyorlangan kuy va qo‘shiqlar yig‘ilganlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi. El-yurt rivoji, mahalla tinchligiga o‘z hissasini qo‘shib kelayotgan nuroniylarga tashkilotchilarning esdalik sovg‘alari topshirildi.

2015-2024 © Bulung‘ur tuman hokimligi. Sayt yaratuvchisi: SAKTRM