TEMIR YO'LDA XAVFSIZLIK TA'MINLANSIN, BU NOXUSH HODISALAR OLDINI OLADI

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2010 yil 21 dekabrdagi PQ-1446-sonli hamda 2015 yil 6 martdagi PQ-2313-sonli Qarorlari talablari asosida Ispaniya davlatidan 4 ta «Talgo-250» rusumli yuqori tezlikda harakatlanuvchi tezyurar elektropoezdlar olib kelinib, "Afrosiyob" nomi bilan “Toshkent-Samarqand” yo'nalishida harakati yo'lga qo'yildi. 2015 yil 1 sentyabrdan "Toshkent-Samarqand-Qarshi" yo'nalishida, 2016 yildan esa “Toshkent-Samarqand-Buxoro'' yo'nalishidagi qatnovlari yo'lga qo'yildi.

Ushbu elektropoezdlarning tezligi soatiga 250 kilometrgacha harakatlanishi nazarda tutilib, Toshkent shahridan Buxoro shahrigacha hamda Toshkent shahridan Qarshi shahrigacha bo'lgan masofadagi temir yo'l izlari rekonstruksiya kilinib, ushbu yo'nalishda harakat xavfsizligini ta'minlash, fuqarolarning hayoti va sog'ligini saqlash, ularning baxtsiz hodisalarga uchrashining oldini olish maqsadida temir yo'l atrofi beton va temir panjarali to'siqlar bilan o'raldi. Fuqarolarimizning temir yo'ldan o'gishlari uchun temir yo'l bekatlarida maxsus ko'priklar, ma'lum uchastkalarda esa «O'zbekiston temir yo'llari» DJga qarashli Harbiylashtirilgan qo'riqlash boshqarmasi xodimlari tomonidan qo'riqlanadigan maxsus o'tish yo'laklari tashkil etildi.
Shunga qaramasdan, ayrim fuqarolar tomonidan o'zboshimchalik bilan temir yo'l atrofidagi muhofaza yerlari egallab olinayotganligi, temir yo'llarga har xil chiqindilar tashlanayotganligi, temir yo'lning belgilanmagan joylaridan kesib o'tishlari, o'rnatilgan to'siqlarni buzib, o'zboshimchalik bilan o'tish yo'llarini ochish, temir yo'l atroflarida chorva mollari boqish, qorovul budkalari va vagonlarga tosh otish, temir yo'l izlariga har xil ashyolar qo'yish, temir yo'l signalizatsiya va aloqa vositalariga shikast yetkazish kabi holatlar sodir etilmoqda. Ushbu holatlar o'z navbatida temir yo'l tizimida harakat xavfsizligi talablarining ta'minlanishiga, davlat va jamiyat manfaatlari hamda fuqarolarning hayoti va sog'ligiga tahdid solmoqda.

Temir yo'l atrofida joylashgan mahallalar, ta'lim muassasalari va korxona-tashkilotlarda temir yo'l xavfsizligini ta'minlashga qaratilgan profilaktik tushuntirish ishlariga qaramasdan 2018 yil 6 yanvar kuni Bulung'ur-G'allaorol temir yo'l bekatlari oralig'ining 3690 kilometrida joylashgan temir yo'l kesishmasida fuqaro A.To'xtaev temir yo'l shlagbaumiga o'z ehtiyotsizligi oqibatida shikast yetkazgan, A.Abdualimov hamda SH.Nazarovalar esa temir yo'lni belgilanmagan joyidan kesib o'tib, 113-moddaning 4-qismida belgilangan qonunni buzganligi uchun ma'muriy javobgarlikka tortilganlar.

Respublikamiz hududida yashovchi fuqarolar hamda yurtimizga tashrif buyurayottan chet ellik mehmonlar va rasmiy delegatsiya vakillarining uzog'ini yaqin qilayotgan zamonaviy, qulay yo'lovchi poezdlarning o'z vaqtida, xavfsizligi ta'minlangan holda shahrimiz Samarqandga kelishini ta'minlash barchamizning vazifamiz.

Barchamiz vakolat doiramizdan, xizmat vazifamizdan hamda fuqarolik burchimizdan kelib chiqib, har bir tuman, shahar va mahalla hududidan o'tuvchi temir yo'lda poezdlarning harakat xavfsizligini ta'minlashimiz zarur.

Uchqun ANOROV,
Bulung'ur temiryo'l bekati
JXTB boshlig'i, mayor.

 

Zafar DAMINOV,
Samarqand viloyat IIB
TJXTB XPG inspektori, katta leytenant.

2015-2024 © Bulung‘ur tuman hokimligi. Sayt yaratuvchisi: SAKTRM