Bulung‘ur tumani hokimi Samandar Astonovning “1-oktabr O‘qituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan bayram tabrigi

Assalomu alaykum, aziz ustozlar!

Qadrli o‘qituvchi va murabbiylar!

 

Avvalo, barchangizni mamlakatimiz hayotidagi qutlug‘ sana “1-oktabr O‘qituvchi va murabbiylar kuni” bayrami bilan samimiy muborakbod etaman.

O‘qituvchilar hayotimiz charog‘bonlaridir. Kim bo‘lmaylik, qaysi sohada faoliyat yuritmaylik, barchamizga muallimlar ta’lim va tarbiya berishgan.

Xalqimizda "Ustoz otangdek ulug‘", degan so‘z bor. Kimki bu hayotda biror yutuqqa erishsa, kasbidan e’zoz topsa, uning qalbida ustozlariga, birinchi o‘qituvchisiga bo‘lgan hurmat abadiy muhrlanadi.

Sizlarning yosh avlodga bilim berishdek murakkab, ammo sharafli mehnatingiz uchun barchamiz samimiy minnatdorchilik bildirishni o‘zimizning muqaddas burchimiz deb bilamiz.

 

Qadrli ustozlar!

Mamlakatimizda mustaqillik yillarida misli ko‘rilmagan muvaffaqiyatlarga erishildi. Bu mamlakatimizning barcha hududlarida yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Xususan, respublikamiz ijtimoiy-iqtisodiy hayotida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan bizning tumanimizda ham keng qamrovli ishlar amalga oshirilayotganligi quvonarlidir.

Jumladan, tumanimizda ta’limning boshlang‘ich bo‘g‘ini bo‘lmish maktabgacha ta’lim tizimiga to‘xtaladigan bo‘lsak, bugungi kunda tumanda 164 ta davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida 3-7 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ta’lim-tariya berib kelinmoqda. Shundan, 28 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga 8 ming 481 nafar, 129 ta oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga 3 ming 225 nafar, 8 ta davlat xususiy sheriklik asosida tashkil etilgan maktabgacha ta’lim tashkilotlariga 896 nafar bolalar qamrab olingan.

Joriy yilda tumandagi 18-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti rekonstruksiya qilinib, qamrov darajasi 100 o‘rindan 150 o‘ringa yetkazildi. 8, 22-son davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari issiqlik tizimi joriy ta’mirlanib, 11 dona isitish qozoni yangisiga almashtirildi. Chorbog‘ va Bog‘bon maxallalarida yangi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari qurilmoqda. Kaptarxona mahallasida joylashgan “Zaxroxonim-Rahimaxonim” nomli davlat xususiy sherikchilik asosidagi maktabgacha ta’lim tashkiloti  foydalanishga topshirilib, 196 nafar 3-7 yoshli bolalar maktabgacha ta’limga qamrab olindi. Umuman olganda yil so‘ngiga qadar qamrov darajasini 73,6 foizga yetkazish maqsad qilingan.

 

Hurmatli ta’lim fidoiylari!

Joriy yilda umumiy o‘rta ta’lim maktablarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ta’lim sifatini yaxshilash uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida 8 mlrd 677 mln. so‘m mablag‘ ajratildi.  Shundan, 4 mlrd 595 mln so‘m evaziga 51-umumiy o‘rta talim maktabiga qo‘shimcha 180 o‘rinli yangi bino, 12x24 o‘lchamdagi sport zal hamda 56-umumta’lim maktabida 140 o‘rinli qo‘shimcha bino qurildi. 584 mln so‘m evaziga 42-umumiy o‘rta talim maktabiga 80 o‘rinli qo‘shimcha bino qurildi. “Obod qishloq” dasturi asosida 370 mln.so‘m mablag‘ evaziga 19-umumta’lim maktabining qo‘shimcha eski binosi ta’mirlandi. Bundan tashqari tumanda 69 ta umumta’lim maktablarida 2022-2023 o‘quv yilining kuz-qish mavsumiga tayyorlash uchun 3 mlrd. 343 mln.so‘m mablag‘lar ajratildi.  6 ta (61, 63, 48, 66, 71, 69) umumta’lim maktablarga 17 ta zamonaviy issiqlik tejamkor qozonlar o‘rnatildi, 2000 m. isitish quvurlari yangilandi, 612 ta isitish radiatorlari o‘rnatildi.

Joriy yilda Koreyaning Eksem banki loyihasi asosida tumandagi 6 ta maktab (1, 3, 22, 23, 62, 66-maktablari)da zamonaviy kompyuter sinflari bilan hamda Vazirlar Mahkamasining 716-sonli qarori asosida tumandagi 12 ta maktab (14, 34, 48, 49, 60, 70, 71, 29, 32, 43, 50, 69-maktablar) Respublika va mahalliy budjet xisobidan kompyuter jixozlari bilan ta’minlandi.

 

Qadrli murabbiylar!

Mamlakatimizning dunyodagi rivojlangan, zamonaviy davlatlar qatoridan munosib o‘rin egallashi avvalo ilm-fan va ta’lim-tarbiya sohasining rivoji bilan uzviy bog‘liq, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Shu o‘rinda pedagog kadrlar malakasini oshirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu boradagi natijalarimiz ham quvonarli.

Jumladan, 2022-yil 30-may kuni o‘tkazilgan “Eng yaxshi chet tili uqituvchisi” tanlovining viloyat bosqichida 22-IDUM ingliz tili o‘qituvchisi Musayeva Xayitgul 1-o‘rinni egalladi va Angliya davlatiga, 25-umumta’lim maktabi fransuz tili o‘qituvchisi  Egamberdiyev Temur 1-o‘rinni egallab Fransiya davlatiga malaka oshirish uchun yo‘llanmani qo‘lga kiritishdi. 50-maktab nemis tili o‘qituvchisi Norqulov Kamol faxrli 3-o‘rinni egalladi.

 

Siz, azizlarning o‘quvchi yoshlarimizning har tomonlama barkamol bo‘lib voyaga yetishlari yo‘lidagi fidokorna mehnatlaringiz natijasida yoshlarimiz ham ko‘plab yutuqlarni qo‘lga kiritishmoqda.

Bitiruvchilarimizning natijalarini tahlil qiladigan bo‘lsak, 2021-2022-o‘quv yilida tumandagi umumta’lim maktablarining 11-sinfini 2469 nafar bitiruvchilar bitirgan bo‘lib, shundan 795 nafari yoki 32.2 foizi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilinib, bu boradagi ko‘rsatkichimiz o‘tgan yilgiga nisbatan 12 foizga oshdi.

Umumta’lim maktablarini a’lo baholar bilan yakunlab, na’munali xulqi va jamoat ishlaridagi faol ishtiroki bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘lgan jami 38 nafar o‘quvchilarning 24 nafari oltin, 14 nafari kumush medallar sohibi bo‘lishdi.

 2021-2022 yilgi “Umid nihollari” sport musobaqasida qo‘l to‘pi sport turidan 5-IDUM o‘quvchi qizlari respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritishdi. Sportning qo‘l to‘pi turidan tumandagi 3 nafar o‘quvchimiz: 5-IDUMning 10-sinf o‘quvchisi Ibragimova Marjona, 71-maktabning 10-sinf o‘quvchisi Murodova Zilola hamda 11-sinf o‘quvchisi Samieva Lobarlar Osiyo chempionatida bronza medalini qo‘lga kiritdi. 71-maktab 10-sinf o‘quvchisi Ismoilova Sevara 2022-yilda O‘zbekiston chempioni bo‘ldi.

49-umumta’lim maktabining 10-sinf o‘quvchisi Tursunmurodova Marjona “Yosh kitobxon” tanlovining Respublika bosqichida faxrli 3-o‘rinni, 42-maktabning 8-sinf o‘quvchisi Turobova E’zoza “Ona tilim-jonu dilim” onlayn tanlovning Respublika bosqichida 1-o‘rinni egalladi.

Bundan tashqari tumanimizda faoliyat yuritayotgan barkamol avlod bolalar maktabi, musiqa va san’at maktablari, kasb-hunar maktablari, “Vatanparvar” o‘quv-sport texnika klubi yoshlarimizga kasb-hunar, bilim berib kelmoqdalar.

 

Aziz yurtdoshlar!

Bizning asosiy maqsadimiz dunyodagi taraqqiy topgan demokratik davlatlar qatoriga kirish, xalqimiz uchun erkin va farovon hayot qurishdan iborat. Ana shu vazifani sidqidildan uddalaydigan bilimli va iste’dodli, hech kimdan kam bo‘lmagan navqiron avlodni tarbiyalash bugungi kunda davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Bu borada Siz, fidoyi o‘qituvchi va murabbiylarning zahmatli mehnatingiz har qancha maqtovga loyiq.

O‘zbekiston farzandlari chehrasidagi nur bu - tinchlikning nuri. Ozod diyorimizdagi ana shu osuda, farovon hayotimizga ko‘z tegmasin. Siz o‘quvchi va talabalaringiz huzuriga - sinf xonalariga hamisha chehrangizda ishonch va tabassum bilan kirib boring!

Sizlarni “1 oktabr O‘qituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, baxt va omad, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayz-baraka tilayman. Doimo sog‘-omon bo‘ling, aziz ustozlar!

 

Bayramingiz muborak bo‘lsin!

2015-2024 © Булунгур туман ҳокимлиги. Maked by: SAKTRM